15:23 | 8 November 2015
O‘zbekistonlik seysmolog-olimlar Toshkentdagi yer silkinishlari arafasida itlar ustida tajriba o‘tkazdi
Hayvonlar o‘z instinkti darajasiga ko‘ra tabiiy ofat, masalan, zilzilaning yaqinlashishini sezishi mumkin, deydi “Toshkent” markaziy seysmostansiyasi laboratoriya rahbari Turdiali Ortiqov “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida.
Ortiqovning qayd etishicha, insoniyat tarixidagi eng vayronkor yerosti silkinishlaridan biri — 1948-yilgi Ashxobod zilzilasi yuz berishidan avval ayrim cho‘ponlar yer yuzasida bezovta o‘rmalab yurgan ko‘plab ilonlarni ko‘rgan.
“Ammo, afsuski, Toshkentda yuz bergan yer silkinishlari arafasida itlar ustida o‘tkazgan tajribalarimiz kutilgan natijani bermadi”, — deydi Turdiali Ortiqov. Gap Toshkentda kuzatilgan qaysi zilzila haqida borayotganiga intervyuda aniqlik kiritilmagan.
Laboratoriya rahbarining qo‘shimcha qilishicha, zilzilani oldindan bilish masalasida o‘zbekistonlik olimlarning ham hissasi katta. Xususan, dunyo seysmologik amaliyotida birinchi bo‘lib kuchli zilzilalar yuz berishi oldidan yerosti suvlarining kimyoviy tarkibida muayyan o‘zgarishlar yuz berishi (129-raqamli kashfiyot), shuningdek, zilzilaning bir qator boshlang‘ich alomatlari aynan O‘zbekistonda aniqlangan.
Ma’lumot uchun, 2015-yil 26-oktabr kuni Afg‘onistonning Hindikush tog‘larida yuz bergan 7,5 magnitudali zilzila kuchi Toshkentga 5 magnituda bilan yetib keldi. Shahar tarixidagi eng vayronkor zilzilalardan biri 1966-yil 26-aprel kuni yuz bergan.