12:49 | 20 January 2017
TATU talabasi yaratgan dasturiy tizim “O‘zbekiston havo yo‘llari”da joriy etildi
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 4-kurs talabasi Izzat Mahmadaliyevning ustozi Otabek Narziyev ko‘magida olib borgan izlanishlari natijasida yaratilgan “Korporativ xodimlar hisobini yuritish” dasturiy tizimi ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. U ayni paytda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi, “Temiryo‘lloyiha” tashkilotida amaliyotga joriy etildi, deb xabar beradi Dayo.uz. O`zA xabariga tayanib.
“Agar ota-onam mening qiziqishlarimni to‘g‘ri tushunib, shu sohaga yo‘naltirmaganda, virtual olamda yo‘limni yo‘qotib qo‘yishim ham hech gap emasdi, — deydi Izzat. — Dadam hatto foydali o‘yinlarni tanlashni ham o‘rgatardi. Bu o‘yinlar meni ingliz tilini o‘zlashtirishimga, keyinchalik Funny English dasturiy majmuasini yaratishimga turtki bo‘ldi. Mazkur dasturiy majmua boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ingliz tili fanini o‘qitish jarayonini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan va multimediali kompyuter xonalarida o‘rnatiladigan dastur bo‘lib, o‘qitish jarayonini o‘qituvchi va o‘quvchiga qulay, interfaol va qiziqarli tarzda tashkil etish imkonini beradi. Undan tashqari, uyda o‘quvchilarning bilimlarini mustahkamlash uchun ham juda qulay dastur hisoblanadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan Izzat yaratgan Funny English dasturiy majmuasi va “Korporativ xodimlar hisobini yuritish” dasturiy tizimi uchun mualliflik guvohnomalari berildi. Hozirgi kunda izlanuvchan talaba ustozi Barno G‘aniyeva ko‘magida elektron kutubxona mobil dasturini yaratish ustida izlanish olib bormoqda.